2-bob. Bola huquqlarining asosiy kafolatlari
7-modda. Bola huquqlarining qonuniy kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli bo‘ladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.
Nikohda va nikohsiz tug‘ilgan bolalar teng hamda har taraflama himoyadan foydalanadi.
Davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi.
Bola huquqlari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
8-modda. Bolaning yashash huquqi kafolatlari
Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.
Davlat sog‘lom bolaning tug‘ilishi va rivojlanishini ta’minlash uchun sharoit yaratadi.
9-modda. Bolaning individuallikka va uni saqlab qolishga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Har bir bola tug‘ilgan paytdan e’tiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega bo‘lish huquqiga, shuningdek ularni saqlab qolish huquqiga ega.
10-modda. Bolaning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlari
Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
Har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi.
Davlat:
bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘radi.
Qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganligidan qat’i nazar, qasddan odam o‘ldirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalar tashkil etganlik yoki saqlaganlik, terrorizm uchun ilgari hukm qilingan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek undan axborot olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
11-modda. Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetguncha qonunga muvofiq to‘la muomalaga layoqatli deb e’tirof etilgan (emansipatsiya) bola o‘z huquqlarini, shu jumladan himoyaga bo‘lgan huquqini mustaqil amalga oshirishga hamda majburiyatlarini mustaqil bajarishga haqlidir.
Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari shart. Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.
111-modda. Jinoyat protsessining ishtirokchisi bo‘lgan bola huquqlarini himoya qilish kafolatlari
Davlat sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida bolalarning qonunchilikda belgilangan barcha protsessual huquqlariga rioya etilishi hamda bu huquqlar kafolatlarining ta’minlanishi bo‘yicha choralar ko‘radi.
Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta’sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanadi.
Sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmagan shaxsga nisbatan protsessual harakatlar uning katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki ushbu shaxsning boshqa qonuniy vakili ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shart. Bolaning va uning qonuniy vakillarining himoyachidan voz kechishi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qonunchilikda jinoyat protsessining ishtirokchilari bo‘lgan bolalar uchun boshqa kafolatlar ham nazarda tutilishi mumkin.
12-modda. Bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kafolatlaydi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
13-modda. Bolaning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish huquqiga ega, uning manfaatlariga zid bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda hamda bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda uning oilada yashash hamda tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.
Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota va onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.
Ota va ona turli davlatlarda yashagan taqdirda ham bola ular bilan ko‘rishish huquqiga ega.
Ekstremal vaziyatlarga (ushlab turish, hibsga olish, qamoqqa olish, davolash muassasasida bo‘lish va boshqa hollarda) tushib qolgan bola o‘z ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rishish huquqiga ega.
14-modda. Bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi kafolatlari
Har bir bola g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Ushbu masala bo‘yicha ota va ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasidagi har qanday kelishmovchilik sud tomonidan hal qilinadi.
Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaning yo‘qolganligi haqida tegishli organlarga darhol xabar berishlari shart.
Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar hamrohligida bo‘lmagan bolalar ularning yoniga kafolatli qaytarilish huquqiga ega.
Bolani ota yoki ona yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, ya’ni ota-onaning, ular o‘rnini bosuvchi shaxsning bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlashi yoxud hamrohlik qiluvchi shaxsning o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi, shu jumladan bolani o‘z ota-onasiga yoki yaqin qarindoshlariga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududida taqiqlanmagan va tegishli davlatning qonunchiligiga binoan zarur vakolatlarga ega bo‘lgan tashkilotga topshirmasdan qoldirish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari chet elda qonuniy vakillari hamrohligisiz turgan bolalarning — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi va ularning qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Ota-onasi bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki ular vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat bo‘lmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘radi.
Qonuniy vakillari hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat ijro etish maqsadlari, shakllari va usullaridan qat’i nazar, bolalarni g‘ayriqonuniy ko‘chirishning oldini olish, shuningdek ularni doimiy yashaydigan mamlakatiga qaytarish choralarini ko‘radi.
15-modda. Bolaning o‘z fikrini ifoda etish huquqi kafolatlari
Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so‘zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
16-modda. Bolaning axborot olish huquqi kafolatlari
Har bir bola o‘zining sog‘lig‘i, axloqiy va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish huquqiga ega.
Har bir bola har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega, qonunda nazarda tutilgan cheklashlar bundan mustasno.
Pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanadi.
17-modda. Bolaning fikrlash, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqi kafolatlari
Bola fikrlash, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Bolaning fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin.
18-modda. Bolaning xususiy mulkka bo‘lgan huquqi kafolatlari
Bola qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Bolaning shaxsiy foydalanishida bo‘lgan, bola tomonidan hadya, meros tariqasida olingan, shaxsiy mehnati evaziga yoki boshqa qonuniy usulda olingan buyumlar, mol-mulk uning xususiy mulkidir.
19-modda. Bolaning turar joyga bo‘lgan huquqlari kafolatlari
Har bir bola turar joyli bo‘lish huquqiga ega. Mazkur huquq qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Turar joy mulkdorining yoki turar joyni ijaraga oluvchining oila a’zolari bo‘lgan bolalar ular qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchisi egallab turgan turar joyga nisbatan huquqqa ega bo‘ladi.
Tarbiya, davolash muassasalari va boshqa muassasalarda, qarindoshlari, vasiylari yoki homiylari qaramog‘ida bo‘lgan yetim bolalar, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Vasiylik yoki homiylik belgilangan bolaning mulkida yoki foydalanishida bo‘lgan turar joyni o‘zga shaxsga o‘tkazish uchun vasiylik yoki homiylik organining roziligi talab qilinadi.
20-modda. Bolaning mehnat qilish huquqi kafolatlari
Har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega.
Ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
Bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
borishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish orqali bolaning mehnat qilish huquqi ta’minlanishini kafolatlaydi.
21-modda. Bolaning dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘i hamda ehtiyojlariga mos keladigan dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqqa ega.
Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z qobiliyatlari hamda imkoniyatlariga muvofiq bolaning har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun zarur turmush sharoitini ta’minlaydi.
Bolalar sog‘lomlashtirish, sport, ijodiy tashkilotlari hamda dam olishni va bo‘sh vaqtni uyushtiruvchi boshqa tashkilotlar qonunchilikka muvofiq davlat organlari tomonidan ta’sis etiladi va qo‘llab-quvvatlanadi.
22-modda. Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi kafolatlari
Har bir bola sog‘lig‘ini saqlash huquqiga ega.
Davlat sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash uchun onaga uning sog‘lig‘ini saqlash sharoitlarini yaratadi.
Davlat bolalarga qonunchilikka muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi.
Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yo‘llar bilan ta’minlanadi:
malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil qilish;
bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi;
bolalar va o‘smirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash;
talab darajasidagi sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish;
bolaning fiziologik xususiyatlari va sog‘lig‘i holatiga javob beradigan ta’lim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish;
kasbga yaroqlilikni aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish;
sanitariya-gigiyena ta’limi berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va rag‘batlantirish;
sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida bola uchun qulay bo‘lgan tarzda zarur axborotni taqdim etish.
O‘n to‘rt yoshdan katta yoshdagi bola ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
Bola bilan uning hayotiga, sog‘lig‘i va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa eksperimentlar o‘tkazish taqiqlanadi.
Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali bolani alkogolga moyillikdan, chekishdan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa moddalarni iste’mol qilishdan himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
23-modda. Bolaning bilim olish huquqi kafolatlari
Har bir bola bilim olish huquqiga ega.
Davlat bolaning bepul majburiy umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim olishini kafolatlaydi.